Bu haqda Reuters agentligi manbalariga tayanib xabar bermoqda.
Boltiq bo‘yidagi Rossiyaning eng yirik neft eksport qilish portlari — Ust-Luga va Primorsk Ukraina dronlarining bir qator zarbalaridan so‘ng ikkinchi hafta davomida yoqilg‘i qabul qilish va jo‘natish imkoniyatiga ega emas.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hujumlar mart oyining so‘nggi ikki haftasi davomida davom etgan va port infratuzilmasiga jiddiy zarar yetkazgan. Birgina Ust-Lugaga o‘n kun ichida kamida beshta zarba berilgan. Natijada neftni qayta ishlash zavodlari eksport uchun muqobil yo‘llarni, jumladan, qimmatroq bo‘lgan temir yo‘l tashuvlarini izlashga majbur bo‘lyapti.
Agentlik suhbatdoshlarining qayd etishicha, 22 martdan beri Primorsk eksport uchun dizel yoqilg‘isini qabul qilishni amalda to‘xtatgan. Bu Rossiyaning Yevropa qismi va Sibirdagi neftni qayta ishlash zavodlarini asosiy eksport yo‘nalishlaridan biridan mahrum qildi.