Usmon Dembele 2025/2026 yilgi UYEFA Chempionlar ligasi finalida "Arsenal"ga qarshi bahsda ishtirok etishini ma’lum qildi. Uchrashuv 30 may kuni bo‘lib o‘tadi.
Avvalroq fransiyalik hujumchi Fransiya chempionatining 34-turida "Parij"ga qarshi o‘yinning (1:2) 27-daqiqada almashtirilgan edi.
«Hammasi juda yaxshi ketmoqda. “Parij”ga qarshi o‘yinda biroz qo‘rqib ketdim, ammo hozir hammasi joyida va men finalda o‘ynayman. 100 foiz tayyor bo‘lamanmi? Ha, shunday deb o‘ylayman. Bunda hech qanday shubham yo‘q va 30 may kuni maydonga tushishga umid qilyapman.
Faoliyatim davomida ko‘plab kichik jarohatlar yoki jiddiy shikastlar bo‘lgan — bu yerda, "PSJ"da ham, avval ham. Ayniqsa muhim o‘yinlar oldidan, xususan ushbu final oldidan. Shuning uchun tavakkal qilmaslikni afzal bildim», — dedi Usmon Dembele RMC Sport’ga bergan intervyusida.
Ushbu mavsumda Usmon Dembele barcha musobaqalarda 39 ta o‘yinda qatnashib, 19 ta gol va 11 ta assist qayd etgan.