Bugun 5 sentyabr, 2026 yil, shanba

КИР

US Open. O‘zbekistonning birinchi raqamli tennischisi musobaqani tark etdi

US Open. O‘zbekistonning birinchi raqamli tennischisi musobaqani tark etdi

AQShning Nyu York shahrida yilning eng so‘nggi “Katta dubulg‘a” turniri — US Open davom etmoqda. O‘zbekistonlik birinchi raqamli tennischisi Mariya Timofeeva (dunyoning 86-raketkasi) 1/32 finalda jahon reytingida 20-o‘rinni egallab turgan belgiyalik Elis Mertensga qarshi kortga chiqdi.

1 soat 46 daqiqa davom etgan bahsda Timofeeva belgiyalik tennischisiga 2:6, 6:7 hisobida imkoniyatni boy berdi. Eyslar bo‘yicha o‘zbekistonlik raketka ustasi ustunlikka erishdi — 2 ga 0. Ikkala sportchi ham uch martadan qo‘shxatoga yo‘l qo‘ydi.

Mariya Timofeeva 1/64 finalida sloveniyalik Tamara Zidanshekni mag‘lub etgan holda keyingi bosqichga yo‘l olgan edi. Endi Elis Mertensning 3-bosqichdagi raqibi ikki karra AQSh ochiq chempionati g‘olibi yaponiyalik Naomi Osaka (13) hamda chexiyalik Katerina Siniakova (42) o‘rtasidagi uchrashuvda aniqlanadi.

Ma’lumot uchun, yilning so‘nggi “Katta dubulg‘a” turnirining asosiy davrasida qatnashayotgan yana bir o‘zbekistonlik sportchi Kamilla Rahimova (dunyoning 92-raketkasi) 2-bosqichda jahon reytingida 93-pog‘onani egallab turgan ispaniyalik Oksana Selehmetevani 6:3, 6:0 hisobida taslim etdi.

Endi o‘zbekistonlik tennischi 1/16 finalda jahonning birinchi raqamli tennischisi, amaldagi US Open chempioni, belaruslik Arina Sabalenkaga qarshi kortga chiqadi.

Ular o‘rtasidagi bellashuv 4 sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da boshlanadi. Bunga qadar ushbu tennischilar o‘zaro uch marta to‘qnash kelgan va ularning barchasida belaruslik sportchining qo‘li baland kelgan.

AQSh ochiq chempionati mavsumdagi to‘rtinchi “Katta dubulg‘a” turniridir. Musobaqa qattiq qoplamali kortlarda o‘tkazilmoqda va 13 sentyabr kuni yakunlanadi. Turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi 108 million dollarni tashkil etadi.

Kiritildi: 23:45 03.09.2026. O'qildi: 506 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!