Xabaringiz bor, joriy yilning iyul oyida poytaxt Toshkentdagi “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyi qarshisiga O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i o‘rnatilgan edi. Shundan so‘ng, mamlakatning turli shaharlarida bayroq maydonlarini tashkil etish odatga, kerak bo‘lsa, havasga aylandi.
Toshkentdagi bayroq 65 metr balandlikdagi flagshtokka o‘rnatilgan. Uning o‘lchami 12x25 metrni tashkil etadi.
Kuni kecha Xorazm viloyatning Urganch shahri markaziga ham O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i o‘rnatildi va bu bayroq Toshkentnikidan yuqori balandlikda hilpirayotgani da’vo qilinmoqda. U 66 metrli flagshtokka o‘rnatilgani aytilmoqda.
“Xalq so‘zi”ning aniqlashicha, Urganch shahrining Amir Temur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘iga o‘rnatilgan bayroqning o‘lchami 11x22 metr bo‘lib, u 60 metr balandlikdagi flagshtokka o‘rnatilgan.
U shaharning chekka hududlaridan ham yaqqol ko‘rinib turadi. Inshoot atrofida to‘rtta favvora va yigirmata maxsus yoritgich o‘rnatilgan bo‘lib, ular majmuaga o‘zgacha salobat va fayz bag‘ishlamoqda.