Bugun, 22 may kuni soat 17:16 da Urganch shahrining “Tinchlik” ko‘chasida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining hududiy binosida yong‘in chiqdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in binoga tegishli tom qismida, taxminan 80 kvadrat metr maydonda sodir bo‘lgan.
Favqulodda vaziyatlar xizmati xodimlari soat 17:20 da voqea joyiga yetib borib, yong‘inni soat 17:38 da qurshab olishga muvaffaq bo‘lgan. Ushbu hodisa to‘liq soat 18:18 da o‘chirilgan.
Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q, zarar ko‘lami va sabablari hozirda o‘rganilmoqda.