27-28 sentyabr kunlari Ar-Riyod shahrida “Butunjahon turizm kuni 2023. Turizm va yashil investisiyalar” xalqaro anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbir UNWTO va Saudiya Arabistoni turizm vazirligi tomonidan tashkil etilgan.
Tadbir doirasida O‘zbekiston delegasiyasi ham ishtirok etib, mamlakat turizm salohiyati taqdimotini o‘tkazdi. Butunjahon turizm tashkilotiga a’zo davlatlar delegatlariga O‘zbekistonda o‘tishi kutilayotgan 25-Bosh assambleyaga tayyorgarlik jarayonlari haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, tadbir doirasida xorijiy delegatlar vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazilib, Samarqandda o‘tadigan Bosh assambleya ishiga faol jalb qilindi.
Tadbirda, shuningdek, Butunjahon turizm tashkilotiga a’zo mamlakatlarning 500 dan ortiq delegatlari, jumladan 50 dan ziyod turizm vazirlari hamda xorijiy sayyohlik ma’muriyatlari, xalqaro tashkilotlar vakillari va soha mutaxassislari ishtirok etishdi.
Konferensiya doirasida qator sessiyalar o‘tkazilib, ularda ekologiya va inson kapitaliga investisiyalar, yangi turistik manzillar, barqaror turizm, sohada ta’lim, innovasiyalar va gender masalalari muhokama qilindi.
UNWTO Bosh kotibi Zurab Pololikashvili tadbirda so‘zga chiqar ekan, barchani O‘zbekistonga sayohat qilishga chorladi. U o‘z nutqida O‘zbekistonning yangi jozibador turistik yo‘nalish ekanini ta’kidlab, Tashkilotga a’zo davlatlar delegasiyalari rahbarlarini 16-20 oktyabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Bosh assambleya tadbirlarida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Ar-Riyoddagi xalqaro forum yakunlariga ko‘ra, 2024 yilgi Butunjahon turizm kunini Gruziyada o‘tkazishga doir kelishuvga erishildi.