BBC va “Mediazona” e’lon qilgan surishtiruv materialiga ko‘ra, Ukrainadagi urushda Rossiya tomonida jang qilib halok bo‘lgan kamida 3 589 nafar xorijlikning shaxsiga aniqlik kiritilgan. Shulardan 229 nafari O‘zbekiston fuqarolaridir.
Ma’lum qilinishicha, ko‘ngillilar jamoasi bilan birgalikda yuritilayotgan halok bo‘lganlarning ro‘yxatida hozirda Rossiya armiyasining 233 033 nafar harbiy xizmatchisining ismi mavjud. Ulardan 1285 nafari xorijiy davlatlar fuqarolari bo‘lib, ularning o‘limini ochiq manbalar: hukumatlar bayonotlari, qarindoshlarning ijtimoiy tarmoqlardagi postlari yoki qabrlar va harbiy memoriallarning fotosuratlari asosida tasdiqlashga muvaffaq bo‘lindi.
Yana 2304 nafar Shimoliy Koreya askari 2024 yil avgust oyida Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk viloyatiga uyushtirgan hujumi paytida Rossiya tomonida jang qilib halok bo‘lgan. Ularning ma’lumotlarini BBC Koreya xizmati Pxenyandagi halok bo‘lganlar xotirasiga bag‘ishlangan yangi harbiy memorialning rasmiy fotosuratlari va sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini o‘rganib chiqib aniqlagan.
Qayd etilishicha, Ukrainada Rossiya tomonida jang qilgan xorij fuqarolari talafotining haqiqiy raqamlari bundan ancha yuqori. Ushbu ismlar ro‘yxatini tuzishda Ukraina tomonining ma’lumotlaridan va G‘arb razvedkasining nashrlaridan foydalanilmagan. Rossiya tomonida jang qilgan xorijliklarning umumiy soni (tirik qolganlarni ham hisobga olganda) bir necha baravar ko‘p.
NATO'dagilarning hisoblashicha, Rossiya kuchlari tarkibida 44 ta davlatdan taxminan 24 ming nafar xorijlik yollanma askar jang qilmoqda. Bu haqda alyansning yuqori martabali mulozimi Anqarada bo‘lib o‘tgan sammitda BBC ga ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ularning aksariyat qismini Afrika davlatlaridan bo‘lganlar tashkil etadi.
2022 yil o‘rtalaridan 2023 yil oxirigacha Rossiya tomonida jang qilgan xorijliklarning asosiy qismini qamoqxonalardan frontga jalb etilgan mahbuslar tashkil etgan. Ularga 6 yoki 12 oylik jangovar harakatlarda ishtirok etish evaziga qamoqdan ozod etilish taklif qilingan. Avvaliga bu bilan “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi, keyinchalik esa Rossiya Mudofaa vazirligi shug‘ullangan.
Ushbu sxema, birinchi navbatda, sobiq SSSR davlatlari fuqarolariga, ayniqsa, Markaziy Osiyodan bo‘lganlarga daxl qilgan. Masalan, Tojikiston va O‘zbekistonning halok bo‘lgan fuqarolarining yarmidan ko‘pi Rossiyadagi ozodlikdan mahrum qilish joylaridan frontga yo‘l olgan.
Ukrainadagi urushda eng ko‘p fuqarolari Rossiya armiyasi safida halok bo‘lgan MDH davlatlari O‘zbekiston (229 qurbon), Tojikiston (199 qurbon) va Ozarboyjon (108 qurbon) hisoblanadi.
Ukrainada Rossiya uchun eng ko‘p fuqarolari halok bo‘lgan boshqa xorij davlatlarga Shimoliy Koreya (2304 qurbon), Nepal (72 qurbon), Kuba (20 qurbon) kiradi.
Huquq himoyachilarining fikriga ko‘ra, 2025 yilning o‘rtalaridan boshlab sobiq SSSR davlatlaridan Rossiyaga borgan mehnat migrantlariga nisbatan yangi bosim to‘lqini kuzatilmoqda. Ularga urushda qatnashish evaziga, masalan, mamlakatga kirish taqiqini olib tashlash, tezlashtirilgan tartibda fuqarolik berish yoki deportasiya qilish qarorini bekor qilish va’da qilinmoqda.