Ukrainadagi urush “boshi berk ko‘chaga kirib qolgan“ va uni to‘xtatish kerak, deb aytdi taniqli respublikachi, Florida shtati senatori Marko Rubio. OAV uni Tramp ma’muriyatidagi Davlat kotibi lavozimiga nomzod sifatida tilga olmoqda.
"Menimcha, ukrainaliklar Rossiyaga qarshi turganida nihoyatda jasur va kuchli bo‘lishdi. Ammo oxir-oqibat, biz bu yerda moliyalashtirayotgan narsa – bu chiqib bo‘lmas vaziyatga olib kelgan urush va uni yakunlash kerak. O‘ylaymanki, bu yerda sog‘lom fikr yuritish lozim. Ukrainaga mamlakatni qayta tiklash uchun 100 yil kerak bo‘ladi," – dedi Rubio “Today” dasturi efirida.
U yana qo‘shimcha qilishicha, Tramp urushni tugatmoqchi, lekin bu uni “Putin muxlisi” qilib qo‘ymaydi.
The Hill nashrining xabar berishicha, Rubio Tramp ma’muriyatidagi ehtimoliy Davlat kotibi sifatida ko‘rib chiqilmoqda.