Ukrainadagi mojaroni hal qilish maqsadida Rossiya bilan o‘tkaziladigan muzokaralarda Yevropaning besh nafar yetakchisi ehtimoliy vakillar sifatida ko‘rib chiqilmoqda.
The Daily Telegraph gazetasi xabar berishicha, bu haqda nashr manbalari ma’lum qilgan.
Muzokaralarda vakil sifatida quyidagi rahbarlar nomzodlari tilga olinmoqda:
- Italiya bosh vaziri Jorja Meloni;
- Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb;
- Chexiya prezidenti Petr Pavel;
- Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styore;
- Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen.
Qayd etilishicha, Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshta yaqinda Bryusselda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muzokarachi bo‘lish taklifini rad etgan.
Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi oylarda Yevropa poytaxtlarida Rossiya bilan muloqot olib borish zarurati haqidagi muhokamalar faollashgan. Buning sababi Yevropada AQSh prezidenti Donald Tramp Yevropa manfaatlarini to‘liq ifodalamaydi, degan qarashning mavjudligidir.
«Evropa, eng avvalo, rossiyaliklar bilan muzokaralar olib borishimiz kerakligi borasida yakdillikka erishish zarurligini anglab yetdi», — dedi nashr manbalaridan biri. Uning qo‘shimcha qilishicha, endi «aynan qanday pozisiyani ilgari surishimiz kerakligi bo‘yicha ham yakdillikka erishish lozim».
The Daily Telegraph nashrining yana bir suhbatdoshi Rossiya bilan muzokaralar uchun, ehtimol, bir guruh davlat rahbarlari tanlanishini aytgan.
Uning fikricha, bunday yondashuv mamlakatlar o‘rtasidagi raqobatning oldini olish va biror nomzodning rad etilishi xavfini kamaytirishga xizmat qiladi.