Amerika va Ukraina delegasiyalari Saudiya Arabistoni poytaxtida Ukrainadagi sulh parametrlarini muhokama qilishni boshladi. Bu haqda Kiyev delegasiyasi tarkibiga kirgan Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov ma’lum qildi.
"Amerika jamoasi bilan uchrashuvni Ar-Riyodda boshladik. Kun tartibida energetika ob’ektlari va muhim infratuzilmalarni muhofaza qilish bo‘yicha takliflar mavjud. Bugun biz bir qator murakkab texnik masalalarni hal qilyapmiz – delegasiyamiz tarkibiga energetika bo‘yicha ekspertlar, shuningdek, dengiz va havo kuchlari tarkibiy qismlarining harbiy vakillari kiradi", — deb xabar berdi Umerov X ijtimoiy tarmog‘ida.
O‘z navbatida, Rossiya prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov 24 mart kuni Ar-Riyodda rossiyalik va amerikalik ekspertlarning Ukraina bo‘yicha maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi.