Evropa komissiyasi Ukrainaga Rossiya Markaziy bankining muzlatilgan aktivlaridan tushgan foiz hisobidan 1,6 milliard yevro ajratishini ma’lum qildi. Bu mablag‘lar uchinchi transh hisoblanadi va 2025 yilning birinchi yarmida yig‘ilgan foydadan shakllangan.
Evropa komissiyasining ma’lum qilishicha, ushbu yordam mablag‘lari ikki yo‘nalishda taqsimlanadi:
95 foizi — Ukraina bilan Kredit hamkorligi Mexanizmi (ULCM) orqali,
5 foizi — Yevropa Tinchlik Jamg‘armasi (EPF) orqali.
ULCM Ukrainaga Yevropa Ittifoqi va ikki tomonlama kreditorlar tomonidan berilgan qarzlarni qaytarish uchun qaytarib olinmaydigan moliyaviy yordam ko‘rsatadi. EPF esa Ukraina armiyasining shoshilinch harbiy va mudofaa ehtiyojlarini qoplashga qaratilgan.
Rossiya aktivlarining o‘zi Yevropa Ittifoqi sanksiyalari tufayli muzlatilgan holda qolmoqda, biroq ushbu aktivlardan tushayotgan foiz daromadlari Kiyevni qo‘llab-quvvatlash uchun ishlatilmoqda.
Evropa komissiyasi bu chorani Ukrainaga nisbatan o‘zining uzoq muddatli va qat’iy qo‘llab-quvvatlovining bir qismi deb ta’kidladi va bu yordam "qancha kerak bo‘lsa, shuncha davom etadi", deya qayd etdi.