Mamlakat rasmiylari Rossiyani madaniy merosga qarshi vahshiyona jinoyat sodir etganlikda ayblamoqda. Ukraina bosh vaziri Yuliya Sviridenko Kiyevo-Pechersk lavrasiga berilgan zarbani Ukraina xalqi va uning merosiga qilingan navbatdagi qo‘pol hujum deb atadi.
"Hozir, rossiyaliklar Kiyevni o‘ndan ortiq ballistik raketalar bilan o‘qqa tutishni davom ettirayotgan bir paytda, YUNESKO Butunjahon merosi ob’ekti va bebaho madaniy obida hisoblangan Kiyevo-Pechersk lavrasining Uspenskiy cherkovi shikastlandi va yonyapti", — deb yozadi Sviridenko o‘zining X tarmog‘idagi sahifasida.
"Bu Rossiyaning pravoslav qadriyatlarining asl yuzidir", — deya qo‘shimcha qildi u.
Ukraina Pravoslav cherkovi rahbari Yepifaniy Rossiya zarbasi natijasida Lavra hududidagi Uspenskiy soborining tomi yonib ketganini ma’lum qildi. O‘z navbatida, yepiskop Avraamiy Facebook’da ruhoniylar va qutqaruvchilar lavra hududidan qimmatbaho buyumlarni zudlik bilan olib chiqishganini, shu sababli muqaddas osori-atiqalarni saqlab qolishga muvaffaq bo‘linganini yozdi.
Rossiya Mudofaa vazirligi esa Kiyevo-Pechersk lavrasiga Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimining raketasi tushganini da’vo qilmoqda. Idora hisobotida aytilishicha, bu "ushbu majmuaning noto‘g‘ri ishlashi" oqibatidir, chunki "G‘arb davlatlari Kiyev rejimiga yaroqlilik muddati o‘tgan raketalarni yetkazib bergan".
Shuningdek, "Kiyevo-Pechersk lavrasi" milliy qo‘riqxonasi direktori Maksim Ostapenko Uspenskiy sobori Rossiya tomonidan qo‘llaniladigan "Shahed" droni kelib urilishidan zarar ko‘rganini aytdi. Rossiyaning ikkinchi zarbasi Ioann Kushnik minorasi va muzey majmuasi binosiga to‘g‘ri kelgan.