Kommersant nashri manbalariga ko‘ra, kompaniya yo‘qotishlarni tezroq qoplash uchun uskunalarni turli kanallar, jumladan, xorijiy kanallar orqali xarid qilishni boshlaydi. Bu esa qisqa muddatda texnika narxining oshishiga olib kelishi mumkin. “Yandeks” uskunalarni “so‘nggi yillardagi eng qimmat bozordan” sotib olishga majbur bo‘ladi.
"Bular juda yirik data-markazlari edi. Ular qurilganidan beri dunyo bo‘ylab hisoblash quvvatlari, ayniqsa, sun’iy intellekt uchun mo‘ljallangan maxsus prosessorlar taqchilligi va narxlarining oshishi kuzatilmoqda. Shu bois markazlarni uskunalar bilan qayta jihozlash anchagina qimmatga tushadi va uzoq vaqt talab qiladi", — dedi Strategy Partners kompaniyasidan Sergey Kudryashov.
Ta’kidlanishicha, qo‘shimcha xarajatlar oxir-oqibat mijozlar uchun bulutli va boshqa xizmatlar narxining sezilarli oshishiga olib keladi.
Ukraina dronlari so‘nggi bir necha kun ichida “Yandeks”ning oltita data-markazidan uchtasiga hujum qildi. Ular Ryazan viloyatining Sasovo shahri, Kaluga shahri va Vladimir viloyatida joylashgan. Hujum oqibatida kompaniya xizmatlari faoliyatida uzilishlar yuzaga keldi, jumladan, taksi chaqirish va buyurtma berishda nosozliklar kuzatildi. Uzilishlar Rossiya, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Armaniston va Belarusda qayd etildi. Hujumga uchragan markazlar orasida eng yirigi Kalugadagi data-markaz bo‘lib, u 3 800 dan ortiq server javonini joylashtirishga mo‘ljallangan.