O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 oktyabr kuni Yangi Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Erkinjon Turdimov ta’lim va fan vaziri etib tayinlangani yuzasidan fikr bildirdi.
«O‘zlaring ko‘rdilaring, ta’lim vazirini o‘zgartirdim. Eng ishongan kadrimni olib kelib, ta’lim vaziri qildim.
Son ko‘payib ketdi, sifat kamayib ketdi. Bu meni juda tashvishga soladi.
Shuning uchun katta tajribaga ega, to‘rtta viloyat hokimi bo‘lgan odamni ta’limga olib kelganimning tagida juda katta ma’no borki, endi prezident bu masalaga prezident mutlaqo boshqacha qaraydi.
Ta’limga juda katta e’tibor berish uchun vazirga bosh vazirning birinchi o‘rinbosari maqomini berganim bejiz emas. Endi tibbiyotga, ta’limga e’tibor mutlaqo o‘zgaradi davlatda», – degan davlat rahbari.
3 oktyabr kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi birlashtirilib, yangi Ta’lim va fan vazirligi tashkil etilgandi. Islohot ta’limning barcha bosqichlari hamda ilmiy faoliyat o‘rtasidagi integrasiya va uzviylikni ta’minlash, yagona boshqaruv tizimini joriy etish hamda jamoatchilik oldidagi hisobdorlikni oshirishni nazarda tutadi.
9 oktyabr kuni bu vazirlikka shu vaqtgacha Sirdaryo viloyatini boshqarib turgan Erkinjon Turdimov rahbar bo‘lgani ma’lum qilindi (u muqaddam Navoiy, Surxondaryo va Samarqand viloyatlariga ham hokimlik qilgan).
Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari – ta’lim va fan vaziri ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash sohalaridagi vazifalar ijrosini muvofiqlashtiradi. Ularning ijrosini tashkil etish va nazorat qilish Prezident administrasiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva zimmasiga yuklatilgan.