Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi (GUR) annekciya qilingan yarim orolda Rossiyaning ikkita amfibiya samolyoti yo‘q qilinganini ma’lum qildi.
Qrimning Rossiya tomonidan tayinlangan rahbari Sergey Aksyonovga ko‘ra, Ukraina dronlari yarim orolning janubiy sohilida joylashgan “Foros” sanatoriysiga hujum qilgan. Uning aytishicha, hujum natijasida uch kishi halok bo‘lgan va taxminan 15 kishi jarohat olgan. Foros qishlog‘idagi maktab binosi va sanatoriy hududidagi bir nechta ob’ektlar shikastlangan, lekin qaysi ob’ektlar ekanligiga aniqlik kiritilmadi.
Telegram'dagi “Krimskiy veter” kanali o‘z manbasiga tayanib, zarba berilgan paytda sanatoriyda “juda muhim mehmonlar” bo‘lganini xabar qildi, lekin ular kim ekanligini ochiqlamadi.
“Krim.Realii” nashrining yozishicha, Foros va Yalta oraaidagi hududda Rossiya siyosiy elitasi tashrif buyuradigan to‘rtta davlat dachasi bor. Ulardan ikkitasi Rossiya prezidenti Vladimir Putin uchun xizmat qiladi.
Ukraina Mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, “Prizraki” maxsus bo‘limi Qrimda Rossiyaga tegishli ikki Be-12 “Chayka” amfibiya samolyotini yo‘q qilgan va ko‘p maqsadli Mi-8 vertolyotiga zarba bergan. Xabarda aytilishicha, "bu Be-12 samolyotining tarixdagi ilk yo‘q qilinishi". Bu uchoqlar suv osti kemalarini aniqlash va ularga qarshi kurashish uchun qimmatbaho qurilmalar bilan jihozlangan.
Rossiya Mudofaa vazirligi o‘tgan tun davomida Rossiya hududi va anneksiya qilingan Qrim ustida 114 ta dron yo‘q qilinganini ma’lum qildi.