Ukraina, uning Yevropadagi hamkorlari va AQSh ayni damda tinchlik rejasi doirasida uchta hujjatni muhokama qilmoqda.
Bu haqda jurnalistlarga Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’lum qildi.
"20 banddan iborat ramka hujjati bor — u doimiy ravishda Ukraina, Yevropa va dunyo manfaatlarini aks ettiruvchi o‘zgartirishlar kiritib boriladi. Ikkinchi hujjat xavfsizlik kafolatlari, uchinchisi esa Ukrainani urushdan keyingi rekonstruksiya qilish haqida", — dedi Zelenskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, reja ustidagi ishlar xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilar darajasida davom etmoqda va ertaga yakunlanishi mumkin.
Zelenskiy Ukraina hududiy imtiyozlarga tayyor emasligini yana bir bor ta’kidladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaning NATOga qo‘shilishini ko‘rishga hozircha tayyor emas, ammo barqaror xavfsizlik kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda.