2023 yil 1 yanvaridan buyon Rossiyadan qazilma yoqilg‘i – neft, ko‘mir va gaz xarid qiluvchi davlatlar orasida Xitoy eng yirik xaridorga aylandi. Undan keyingi o‘rinda Hindiston, uchinchi o‘rinda Turkiya, to‘rtinchi o‘rinda esa Yevroittifoq qayd etildi. Yevropa mamlakatlari Rossiya energiya manbalaridan voz kechishga urinishgan bo‘lsa-da, 2022 yildan keyin, ayniqsa tabiiy gaz bo‘yicha, bu yo‘nalishda barqaror natija qo‘lga kiritilmadi.
Qazilma yoqilg‘ilarni kuzatish bilan shug‘ullanuvchi CREA tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina urushi boshlangan dastlabki yilda Yevropa Ittifoqi Rossiyadan yoqilg‘i sotib olishni keskin kamaytirgan. Biroq shundan keyin bu jarayon deyarli to‘xtab qolgan. Ayni paytda Xitoy, Hindiston va Turkiya Rossiya neftini arzon narxlarda sotib olish imkoniyatidan foydalanib, import hajmini keskin oshirdi. 2022 yili Hindistonga yetkazib berilayotgan yoqilg‘i oqimi juda yuqori darajada o‘sdi, Turkiya ham so‘nggi oylarda xaridni ancha ko‘paytirgan. Yevropa Ittifoqi davlatlari orasida Vengriya, Slovakiya, Fransiya va Belgiya eng yirik xaridorlar sifatida ajralib turdi.
Rossiyaning eksport daromadlarini cheklash maqsadida joriy etilgan bir necha bosqichli sanksiyalar kutilgan natijani bermadi. Buning asosiy sabablari sifatida dunyo bo‘ylab energiyaga kuchli bog‘liqlik va ayrim betaraf davlatlarning vaziyatdan iqtisodiy manfaat ko‘zlab foydalangani ko‘rsatiladi.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp NATO Bosh kotibi Mark Ryutte bilan o‘tkazgan muzokaralari chog‘ida Rossiya bilan savdo qiluvchi davlatlarga nisbatan 100 foizlik “ikkilamchi bojlar” joriy etilishi mumkinligini ma’lum qilgan edi. Uning ta’kidlashicha, agar 8 avgustgacha Ukraina bilan tinchlik shartnomasi imzolanmasa, bu choralar amalga oshiriladi. Shunga o‘xshash tahdid mart oyida Venesuela neftini xarid qiluvchilarga nisbatan ham bildirilgandi, ammo o‘shanda boj stavkasi 25 foiz etib belgilangan.