AQSh yordamining kamayishi xavotiri ortida Ukraina Rossiyaga qarshi kurashda hal qiluvchi qurol - artilleriya ishlab chiqarishini ko‘paytirmoqda. The Washington Post gazetasi xabar berishicha, urush kelajagi tobora noaniq bo‘lib borayotgan bir paytda, Yevropa ittifoqdoshlari Ukrainada ishlab chiqarilayotgan artilleriyaga, xususan, "Bogdan" o‘ziyurar artilleriya qurilmalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya kiritmoqda. Rossiya bilan urush davrida ushbu qurilmalar ishlab chiqarishi keskin oshgan - 2023 yilda oyiga 6 tadan 2025 yilda 20 dan ortig‘acha yetishi kutilmoqda.
Evropalik amaldorlardan biri ta’kidlashicha, tobora ko‘proq davlatlar Ukraina mudofaa sanoatiga qurol yetkazib berish o‘rniga mablag‘ kiritish modelini ko‘rib chiqmoqda. Bu tezroq natija berishi mumkin, chunki Yevropaning o‘z zaxiralari Kiyevga ko‘p yillar davomida qurol yetkazib berish oqibatida tugab bormoqda.
Amaldorning so‘zlariga ko‘ra, bu strategiya, shuningdek, NATO davlatlariga Ukrainadan u qadar katta tajribaga ega bo‘lmagan dronlar kabi qurollarni ishlab chiqish uchun sinov poligoni sifatida foydalanish imkonini beradi.
"Bu mag‘lubiyatsiz variant," - deya qo‘shimcha qildi yevropalik amaldor. - Biz uchun bu arzonroq. Ular ishlab chiqarishi kerak. Va ukrainaliklar bizga ko‘p narsani o‘rgatishadi."
WP ta’kidlaganidek, oldingi chiziqda dronlar soni ortib borayotganiga qaramay, artilleriya mojaroning asosiy qismi bo‘lib qolmoqda. Dronlarga qaraganda, artilleriya qurollari transheya operasiyalarini samaraliroq bostirishi, hujumlarni to‘xtatishi va dushmanni o‘ldirishi mumkin.