Ukrainalik zobit Kiyev kuchlarining "bardosh berishi" va urushni tezroq tugatmoqchi bo‘lgan AQSh prezidenti Donald Trampga qarshi chiqishi kerakligini ta’kidladi.
Ukrainalik askar o‘zi va safdoshlari qonli urushni tezroq yakunlamoqchi bo‘lgan AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan "sotilgandek" his qilayotganini aytdi.
Dushanba kuni Rossiyaning keng ko‘lamli bosqiniga uch yil to‘ldi. O‘tgan hafta AQSh va Rossiya vakillari Ukrainasiz, har ikki tomon ko‘p qurbon bergan mojaroni tugatish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi.
Biroq, front chizig‘idagi ukrainalik harbiylar AQSh prezidentini tanqid qilib, jangni davom ettirishga so‘z berishdi.
Razvedka xodimi CNN telekanaliga shunday dedi: "Tramp o‘zining tinchlik rejalari haqida gapira boshlaganidan beri hammamiz xoinlikka uchraganimizni his qilmoqdamiz. U Rossiyaning eng yaxshi agenti bo‘lsa, hayron qolmayman. Biz bardosh berishimiz kerak... gap shu".
Ukrainaning oliy harbiy qo‘mondoni general-polkovnik Oleksandr Sirskiy yakshanba kuni og‘ir haftaga qaramay, jangchilarning ruhiy holati yuqori darajada saqlanib qolganini ma’lum qildi.
Rossiyaning Kursk viloyatida joylashgan Ukraina rotasi qo‘mondoni ham CNN telekanaliga shunday dedi: "Men juda charchadim, bu yerdagi hamma ham shunday. Siyosiy bayonotlar bizning bu yerdagi vaziyatimizni o‘zgartirmaydi."
475-shturmchi batalyon qo‘mondoni Oleksandr Nastenko AQSh telekanaliga bergan intervyusida Ukrainaning olti oydan so‘ng Amerika yordamisiz qulashi haqidagi gaplar hali erta ekanini ta’kidlab, shunday dedi: "Biz bu vaziyatdan qandaydir yo‘l bilan chiqib ketamiz, taslim bo‘lish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas."
Prezident Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni "diktator" deb atashi bahsli vaziyatni keltirib chiqardi.