— Yaqinda o‘g‘lim bir kafeda do‘stlari bilan o‘tirgan vaqtida, shu yerda bo‘lgan bir yigit bilan gap talashib qolgan. O‘g‘lim u yigitni bir necha bor urib tan jarohati yetkazgan. Bu holatda o‘g‘limning harakatlari qanday baholanadi?
Ismi sir tutildi
Xusanboy Parpiyev, jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudining sudyasi:
— Avvalam bor sodir bo‘lgan hodisa davomida shaxsning harakatlari hamda yetkazilgan tan jarohatining og‘irlik darajasiga aloxida e’tibor qaratiladi va tergov oldi harakatlarini o‘tkazishlik bilan, har bir shaxsning harakatlariga yuridik baho beriladi.
Bunda, sodir etilgan harakatning ayni qay bir Kodeksning qaysi moddasi bilan kvalifikasiya qilinishiga qarab hujjatlar rasmiylashtiriladi va qaror qabul qilinadi.
Bezorilik - jamoat tartibiga qarshi qaratilgan jinoyat bo‘lib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslikda ifodalangan harakatlar shaxsni urish-do‘pposlash, unga yengil tan jarohati yetkazish yoki o‘zganing mulkiga ancha miqdorda shikast yetkazish yoxud uni ancha miqdorda nobud qilish bilan bog‘¬liq holda sodir etiladi.
Jamoat tartibi deganda, odamlar o‘rtasidagi munosabatlarni, xavfsizlik va fuqarolar tinchligini ta’minlovchi, o‘zgalar mulkini saqlash, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, jamoat va davlat tashkilotlari, korxonalar muassasalar, tashkilotlarning bir me’yorda ishlashini ta’minlashga qaratilgan axloq va huquq normalariga asoslanuvchi tartibni tushunish lozim.
Jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik, urish-do‘pposlash, badanga yengil shikast yetkazish yoki o‘zganing mulkiga shikast yetkazish yoxud nobud qilish ancha miqdorda zarar yetkazishda ifodalanadi va bunda qonunlarga, axloq-odob normalariga, jamiyatda mavjud bo‘lgan urf-odat va an’analarga hurmatsizlik tushuniladi. Shaxs jamiyatdagi axloq qoidalarini mensimagan holda jamoat tartibini tashkil etuvchi va qonun bilan himoya qilinuvchi ijtimoiy munosabatlarga zarar yetkazadigan yoki zarar yetkazishning real xavfini vujudga keltiradigan muayyan harakatlar qiladi.
Jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimaslik mo‘ljallanmagan joylarda alkogol ichimliklarni ichish, fuqa¬rolarga haqoratomuz muomala va shilqimlik qilish, uyat so‘zlar bilan so‘kinish, jamoat joylarida ochiqchasiga hojat chiqarish, yalang‘och holda bo‘lish, hayvonlar bilan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, o‘simliklarga zarar yetkazish va hokazolarda ifodalanadi.
Qonunga mazmuniga ko‘ra, aybdor o‘zining harakatlari bilan jamoat tartibini buzayotganligini anglashi kerak. Bunda mazkur xatti-harakatlar bilan va jamoat tartibini buzish o‘rtasida sababiy bog‘lanish bo‘lishi shart. Sababiy bog‘lanish aniqlanmagan holda qilmish shaxsga yoki mulkka qarshi qaratilgan jinoyat deb kvalifikasiya qilinishi kerak.
Jamiyatdagi yurish-turish qoidalarining buzilish fakti jinoiy jazolanadigan bezorilik tarkibini bermay, ma’muriy huquqbuzarlikni keltirib chiqaradi.
Sudlar jinoiy jazolanadigan bezorilikni ma’muriy javobgarlik belgilanadigan mayda bezorilikdan farqlashi kerak. Mayda bezorilik tushunchasi O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 183-moddasida keltirilgan bo‘lib, uning mazmuniga ko‘ra, ushbu huquqbuzarlik jamoat joylarida uyatli so‘zlar aytish yoki shunday so‘zlar bilan so‘kinish, behayo qiliqlar ko‘rsatish, odamlarga nisbatan haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibi va fuqarolar osoyishtaligini buzish kabi jamiyatda yurish-turish qoidalarini ochiqdan-ochiq mensimaslik harakatlarida ifodalanadi. Bunda Jinoyat kodeksi 277-modda 1-qismida ko‘zda tutilgan jinoiy oqibatlar kelib chiqmasligi kerak. Guruh tomonidan sodir etilgan mayda bezorilikni, agar ularning harakatida JK 277-moddasining 1-qismi belgilari mavjud bo‘lmasa, JK 277-moddasining “b” bandi bilan kvalifikasiya qilish mumkin emas.
Xavfli residivist tomonidan sodir etilgan mayda bezorilik ham o‘z-o‘zidan jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarmaydi. Agarda mayda bezorilik harakatlari davom etib, aybdorning keyingi harakatlari shaxsni urish-do‘pposlash, unga yengil tan jarohati yetkazish yoki mulkka ancha miqdorda shikast yetkazish yoxud nobud qilish bilan sodir etilgan bo‘lsa, shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilmasdan, faqat jinoiy javobgarlikka tortiladi.
JK 277-modda 1-qismida keltirilgan qilmishni kvalifi¬kasiya qilish uchun bezorilik oqibatida jabrlanuvchiga yengil shikast yetkazilishining o‘zi yetarli. Bunda tan jarohati sog‘lig‘ining buzilishiga olib kelganligi ahamiyatga molik emas.
Urish-do‘pposlash deganda, aybdor tomonidan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan buzib, shaxsning badaniga shikast yetkazmagan holda bir necha zarba berish tushuniladi.
Jinoyat kodeksining 277-moddasiga ko‘ra, bezorilik, ya’ni jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimaslik, urish-do‘pposlash, badanga yengil shikast yetkazish yoki o‘zganing mulkiga shikast yetkazish yoxud nobud qilish ancha miqdorda zarar yetkazish bilan bog‘liq holda sodir etilsa, - eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha qamoq bilan jazolanadi.
Moddaning 2-qismiga ko‘ra, bezorilik: a) badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazib; b) bir guruh shaxslar tomonidan; v) sovuq qurol yoki kishining sog‘lig‘i uchun amalda shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan narsalarni (qurol sifatida) namoyish qilib, ularni qo‘llash bilan qo‘rqitib yoxud qo‘llab; g) o‘z mazmuniga ko‘ra umume’tirof etgan axloq qoidalarini namoyishkorona mensimaslikda ifodalanuvchi o‘taketgan behayolik bilan; d) yosh bola, qariya, nogiron yoki ojiz ahvoldagi shaxslarni xo‘rlab; YE) ko‘p miqdorda zarar yetkazib, birovning mulkini nobud qilib yoki unga shikast yetkazib sodir etilgan bo‘lsa, - uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
3-qismiga ko‘ra, bezorilik: a) takroran yoki xavfli residivist tomonidan; b) o‘qotar qurolni namoyish qilib, uni qo‘llash bilan yoki qo‘llab; v) ommaviy tadbirlar o‘tkazilayotgan vaqtda; g) jamoat tartibini saqlash vazifasini bajarib turgan hokimiyat vakili yoki jamoatchilik vakiliga yoxud bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini ko‘rgan boshqa fuqarolarga qarshilik ko‘rsatib sodir etilgan bo‘lsa, - uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Biroq, yuqorida aytganimizdek holatga surishtiruv va tergov yo‘li bilan aniqlik kiritiladi va shaxsning harakatlarida mayda bezorilik alomatlari bo‘lgan taqdirda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) yoki 52-moddasi 2-qismi (qasddan yengil tan jarohati yetkazish) bilan kvalifikasiya qilish masalasi hal qilinadi.