Savol: Assalomu alaykum, erim bolali bo‘lishdan voz kechdi. Bu men uchun juda katta ruhiy iztirob bo‘lib qolmoqda, negaki men erimni sevaman va u bilan to‘laqonli oila qurishni istayman. Birinchidan, erim Islomda hech qayerda er-xotin bolali bo‘lishi shart deb aytilmagan, deb ta’kidlayapti. Bu to‘g‘rimi?
Ikkinchidan, agar men uni mening bola tug‘masligim haromligiga ishontira olmasam, unda uning ruxsatisiz homiladorlikdan saqlanmasligim va undan keyin tasodifan bo‘yimda bo‘lib qoldi, deb aytishim mumkinmi?
Javob: Valaaykum assalom. Birinchi savolingizga javob bera turib, shayx Faraz Rabboniy musulmon er-xotinda bolalarning tug‘ilishi Qur’on va Sunnatda rag‘batlantirilishini ta’kidlaganlarini eslatib o‘tamiz. Misol uchun, payg‘ambar Ibrohim (alayhi salom) Allohdan: “Robbim, menga solihlardan ato et», dedi” (Saffot surasi, 100) so‘raganlari haqidagi oyat ma’lum. Shuningdek, payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) sahobalarga tug‘ishga qodir bo‘lgan ayollarni nikohga olishni buyurganlari ham ma’lum: "...Tug‘uvchan, (farzandlarga) mehribonlarga uylaninglar, chunki men qiyomat kunida ummatlarim ko‘pligi bilan faxrlanaman". (Abu Dovud, Ibn Hibbon va Hokim rivoyatlari)
Oilada farzandlarning bo‘lishi o‘tmish payg‘ambarlaridan qolgan sunnat bo‘lganidan tashqari, ulkan baraka hamdir. Bolalar musulmon oilaning najot yo‘li, Alloh taoloning rahmati va barakasidir.
Shuningdek, bolali bo‘lishga intilish payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga muhabbat izhor etilishining bir ko‘rinishidir, chunki musulmonlar unga ummatining ko‘pligi bilan faxrlanishga shu yo‘l bilan yordam bera oladilar.
Ikkinchi savolingizga borasida quyidagilarni qayd etish joiz. Olimlarning ko‘pchiligi homiladorlikdan saqlanishning har qanday ko‘rinishi uchun er-xotinning roziligi bo‘lishi kerak, deb hisoblaydilar.
Sabablarning bittasi aniq va ravshan: er va xotin farzand tug‘ilishiga haqlidir. Aslini olganda, oila qurishdan asosiy maqsad ham shu. Agar er xotinini bu huquqdan mahrum etsa, unda gunohkor bo‘lib qoladi.
Shuning uchun homiladorlikdan saqlanish masalasini eringiz bilan birga hal qilishingiz lozim. Sizning eringizdan yashirin tarzda homiladorlikdan saqlanishdan voz kechishingiz borasida tavsiya berish xato bo‘lar edi.
Oila ikki tomonlama hurmat va ochiqlik natijasida mustahkam bo‘ladi. Siz farzand ko‘rish huquqingiz borligini va bu Islomda rag‘batlanishini ta’kidlashingiz lozim. U ham siz nimalarni his etayotganingizni va bu kelgusi oilaviy hayotingizda qanday oqibatlarga olib kelishini bilishi zarur.
Shuningdek, siz uchinchi shaxslarga, misol uchun musulmonlar toifasidan bo‘lgan nikoh maslahatchilariga yoki sizlar uchun nufuzli sanalgan odamlarga murojaat qilib maslahat so‘rashingiz mumkin. Agar shundan keyin ham ahvol o‘zgarmasa, unda siz kelgusi hayotga qaysi yo‘l bilan borish to‘g‘risida qaror qabul qilishingiz kerak bo‘ladi.
Duo qilishda to‘xtamang, Alloh sizning oilangizga baraka va yengillik bersin. Shuningdek, yuzaga kelgan ahvolning jiddiyligidan kelib chiqqan holda sizga istihora qilishni tavsiya qilamiz.