Turkiyaning Istanbul shahri yaqinidagi shimoliy Marmara avtomagistralida 18 avgust kuni yo‘lovchi avtobus ag‘darilib ketdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida 3 kishi halok bo‘lib, yana 20 kishi jarohatlandi. Bu haqda DHA nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa mahalliy vaqt bilan soat 06:15 atrofida Sanjaktepe tumanining Pashako‘y hududida yuz bergan. Tekirdag‘ shahriga harakatlanayotgan avtobus haydovchining boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida yo‘l chetidagi to‘siqlarga urilib, ag‘darilib ketgan. Avtobusda jami 35 yo‘lovchi bo‘lgan. Jarohat olganlar tez yordam mashinalari bilan yaqin kasalxonalarga olib ketilgan.
Viloyat hokimligi hodisa yuzasidan rasmiy bayonot berib, avariya bo‘yicha tergov ishlari boshlanganini ma’lum qilgan. Bildirilishicha, voqea joyida polisiya xodimlari avtobusni yo‘ldan olib chiqish ishlarini boshlab yuborgan. Maxsus evakuator yordamida transport vositasi shatakka olinmoqda.