AQSH, Ukraina va Yevropa davlatlari 20 banddan iborat yangi tinchlik rejasini muhokama qilmoqda, deb xabar bermoqda The Washington Post
Unda Ukrainani Yevroittifoqqa qabul qilish muddati, xavfsizlik arxitekturasi va demilitarizasiya parametrlari belgilangan. Mazkur reja uchta hujjatdan iborat: bevosita tinchlik rejasi, xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi bitim va Ukrainani qayta tiklash rejasi.
20 banddan iborat yangi tinchlik rejasi haqida:
- O‘t ochishni to‘xtatish chizig‘i bo‘ylab, ya’ni Donesk viloyatidan Xersongacha demilitarizasiya zonasi yaratish va undan keyin og‘ir qurollarni kiritish taqiqlangan chuqurroq zonani tashkil etish;
- Hududlarni almashish va chegaralarni belgilash masalalari keyinroq ko‘rib chiqiladi;
- Zaporijjya AES Rossiya nazoratiga o‘tmaydi. Ushbu ob’ektni boshqarishni AQSh o‘z zimmasiga olishi mumkin;
- Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi 2027 yilda amalga oshishi mumkin. AQSh Vengriyaga bosim o‘tkazib, Ukrainaning a’zoligiga veto qo‘ymasligini ta’minlashni rejalashtirmoqda. Kutilishicha, YEIga a’zolik savdo va investisiyalarni rag‘batlantiradi hamda davlatdagi korrupsiyani jilovlashga yordam beradi;
- AQSh Ukrainaga NATOning 5-moddasiga o‘xshash xavfsizlik kafolatlarini taqdim etadi. Kiyev bu kafolatlar AQSh Kongressi tomonidan ratifikasiya qilinishini talab qilmoqda;
- Ukraina suvereniteti Rossiya tomonidan bo‘ladigan har qanday tajovuzdan himoyalanishi shart;
- Ukraina Qurolli kuchlarining maksimal sonini 600 mingdan 800 ming nafargacha oshirish masalasi muhokama qilinmoqda, biroq Kiyev har qanday rasmiy cheklovlarni rad etmoqda;
- Donald Tramp ma’muriyati Ukrainani tiklash uchun Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan 100 mlrd dollar ajratishni taklif qilmoqda, bu miqdor oshirilishi mumkin;
- Qo‘shma Shtatlar rasmiylari BlackRock kompaniyasi va Jahon banki bilan Ukraina rivojlanish jamg‘armasini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu jamg‘arma mamlakatni tiklash uchun taxminan 400 mlrd dollar jalb qilishi kerak. Prezident Tramp Rossiya uchun ham shunga o‘xshash sarmoyalar ajratilishini xohlamoqda.