Turkiya hukumati tibbiy ko‘rsatmalarsiz rejali kesarcha kesishni taqiqlash orqali tug‘ilishning pasayishiga qarshi kurashmoqchi. Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish tashkilotlari g‘azabda. Butun mamlakat bo‘ylab qizg‘in munozara ketmoqda.
"Tibbiyot markazlarida rejali kesarcha kesish amaliyoti endi o‘tkazilishi mumkin emas," - deyiladi 19 aprel kuni "Turkiya Respublikasi rasmiy gazetasi"da e’lon qilingan tegishli qaror qoidalaridan birida.
Sog‘liqni saqlash vazirligining qarori aniq: endilikda kichik xususiy klinikalarga tibbiy ko‘rsatmalarsiz rejali kesarcha kesish operasiyasini o‘tkazishga ruxsat berilmaydi. Kelgusida o‘z operasiya xonasiga ega bo‘lmagan klinikalarga tug‘ruq bo‘limlarini tashkil etish umuman taqiqlanadi.
Yangi qoidalar, shuningdek, bemorlar ma’lumotlarini raqamli hujjatlashtirishni nazarda tutadi va tibbiyot muassasalarini zamonaviy xavfsizlik va ma’lumotlar shaffofligi standartlariga javob berishga majbur qiladi. Muntazam tekshiruvlar tibbiy muolajalarning ilmiy tavsiyalarga muvofiqligini ta’minlashi kerak.