Hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi (AK Parti) rais o‘rinbosari hamda rasmiy vakili O‘mer Chelik Ozarbayjon tomonidan qo‘yilgan shartlar bajarilgandan so‘ng Turkiyaning Armaniston bilan munosabatlarni normallashtirish jarayonini tezlashtirishini ma’lum qildi.
O‘mer Chelik tushuntirishicha, gap Armaniston konstitusiyasiga o‘zgartirishlar kiritish va EXHTning Minsk guruhini tarqatib yuborish haqida ketmoqda.
U "amalda mavjud bo‘lmagan va Armaniston-Ozarbayjon mojarosini hal etishga hissa qo‘shmagan" Minsk guruhini rasman tugatish muhimligini ta’kidladi.
Uning aytishicha, Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi tinchlik shartnomasi matni bo‘yicha muzokaralarning yakunlanishi Janubiy Kavkaz uchun muhim bosqich hisoblanadi.
Ta’kidlash joizki, 13 mart kuni Ozarbayjon va Armaniston tashqi ishlar vazirliklari Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida tinchlik bitimi loyihasi matni bo‘yicha muzokaralar yakunlangani va davlatlararo munosabatlar o‘rnatilishi to‘g‘risida bayonot tarqatdi.