2026 yil 8 may kuni Turkiy Madaniyat va Meros Jamg‘armasi hamda Ozarbayjon Me’morlar Ittifoqi tomonidan me’mor Ajami Naxchivoniyning 900 yilligiga bag‘ishlangan “Ozarbayjon me’moriy merosi dahosi” nomli kitob va esdalik pochta markalari taqdimot marosimi birgalikda tashkil etildi.
Tadbir Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Janobi Oliylari Ilhom Aliyevning buyuk me’mor Ajami Naxchivoniyning 900 yilligini nishonlash hamda 2026-yilni Ozarbayjon Respublikasida “Shaharsozlik va me’morchilik yili” deb e’lon qilish to‘g‘risidagi tegishli farmonlariga muvofiq o‘tkazildi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan Turkiy Madaniyat va Meros Jamg‘armasi prezidenti, professor Aktoti Raimqulova ikki kundan so‘ng tavallud ayyomi nishonlanadigan Ozarbayjon xalqining Umummilliy yetakchisi, buyuk arbob Haydar Aliyevning quyidagi so‘zlarini esladi:
“Turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik qanchalik mustahkam bo‘lsa, xalqlarimiz ham shunchalik kuchli bo‘ladi”.
Uning ta’kidlashicha, Turkiy Madaniyat va Meros Jamg‘armasi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar, jumladan taqdim etilgan ushbu nashr ham aynan shu g‘oyaga — turkiy xalqlar birligini umumiy madaniy qadriyatlar asosida yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Jamg‘arma prezidenti ma’lum qilishicha, 2025-yil 15-dekabr kuni Parijdagi UNESCO qarorgohida Turkiy tillar oilasi kuni doirasida Ajami Naxchivoniyning 900 yilligi xalqaro miqyosda nishonlangan. Tadbir davomida ushbu kitob taqdim etilib, buyuk me’morning boy ijodiy merosini aks ettiruvchi ko‘rgazma ham tashkil etilgan.
Shuningdek, u Ozarbayjon Me’morlar Ittifoqi va nashrni tayyorlashda ishtirok etgan barcha mutaxassislarning alohida hissasini ta’kidlab, ularga minnatdorlik bildirdi.
Rasmiy nutqlar davomida Ozarbayjon Me’morlar Ittifoqi boshqaruvi raisi Elbay Gasimzade Ajami Naxchivoniyni Ozarbayjon me’morchiligining eng yirik namoyandalaridan biri va Naxchivon me’morchilik maktabining asoschisi ekanini qayd etdi.
Shundan so‘ng Ozarbayjonning UNESCOdagi doimiy vakili, elchi Elman Abdullayevning videomurojaati namoyish etildi.
Tadbir doirasida Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi deputati va parlamentning Madaniyat qo‘mitasi raisi Polad Bulbulo‘g‘li, Ozarbayjon Milliy Fanlar Akademiyasi prezidenti Isa Habibbayli, Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vaziri o‘rinbosari Saodat Yusifova, shuningdek “Ozarbayjon me’moriy merosi dahosi” kitobi muallifi, me’morchilik bo‘yicha falsafa doktori Rahiba Aliyeva nutq so‘zlab, nashrning ilmiy va badiiy ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdilar.
Tadbir badiiy dastur bilan davom etdi.