Qozog‘istonning Turkiston viloyatidagi ikki qavatli uyda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 12 kishi, jumladan 9 nafar bola halok bo‘ldi.
Halok bo‘lganlar haqida viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lum qildi.
"Jetisoy tumanidagi Alg‘abas qishlog‘idagi ikki qavatli uyda yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar kelib tushdi. Yong‘inni o‘rganish va o‘chirish jarayonida hushsiz holatda bo‘lgan 3 nafar fuqaro uydan evakuasiya qilindi va tez yordam brigadasiga topshirildi. Ichkaridan 12 kishi, jumladan, 9 nafar bola jasadlari topildi", — deyiladi xabarda.
Voqea joyida favqulodda xizmatlar ishlamoqda. Surishtiruv ishlari boshlangan, yong‘in sabablari aniqlanmoqda.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev yong‘in oqibatida halok bo‘lganlar munosabati bilan hamdardlik bildirdi, deb xabar berdi Qozog‘iston rahbari matbuot xizmati. Hukumat va Turkiston viloyati hokimligi rahbariga yaqin oilalarga barcha zarur yordam ko‘rsatish, fojia sabablarini o‘rganish bo‘yicha topshiriq berildi, deya ta’kidladi matbuot xizmati.