Bugun 26 fevral, 2026 yil, payshanba

КИР

Turk madaniyati va merosi fondi Kengashining III yig‘ilishi o‘tkaziladi

Turk madaniyati va merosi fondi Kengashining III yig‘ilishi o‘tkaziladi

Turk dunyosining madaniy meros sohasida strategik yo‘nalishlarni belgilash va faoliyat rejalari tasdiqlanishini o‘z ichiga olgan Turk madaniyati va merosi fondi Kengashining III yig‘ilishi 2026 yil 27 fevral kuni Qirg‘iz Respublikasi poytaxti Bishkek shahrida, “Ala-Archa” davlat qarorgohi konferensiya zalida bo‘lib o‘tadi.

“Ədəbiyyat və incəsənət” portaliga Fond tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, yig‘ilish Qirg‘iz Respublikasining raisligi ostida, tashkilotga a’zo mamlakatlar Madaniyat vazirliklari ishtirokida o‘tkaziladi.

Yig‘ilishning maqsadi turk davlatlari rahbarlarining topshiriqlariga muvofiq, “Turk dunyosiga nazar – 2040” hujjati, TURKTIME shiori va Turk dunyosi Xartiyasi doirasida turk madaniy merosini asrash, rivojlantirish hamda uni kelajak avlodlarga yetkazish yo‘nalishida strategik qadamlarni muhokama qilishdan iborat.

Ma’lumki, Turk madaniyati va merosi fondi turk davlatlari rahbarlarining tashabbusi va ko‘magida tashkil etilgan xalqaro tuzilmadir. Fondning asosiy maqsadi turk xalqlarining moddiy va nomoddiy madaniy merosini muhofaza qilish, tadqiq etish va targ‘ib qilish, shuningdek, turk mamlakatlari o‘rtasida ilmiy hamkorlik, nashriyot faoliyati va gumanitar aloqalarni rivojlantirishdan iborat.

Yig‘ilish doirasida Fondning 2025-yilgi faoliyati natijalari taqdim etilishi, amalga oshirilgan loyiha va tashabbuslarning hozirgi holati ko‘rib chiqilishi, shuningdek, 2026–2027-yillar uchun ustuvor faoliyat yo‘nalishlari belgilanishi rejalashtirilgan. Xususan, madaniy merosni muhofaza qilish va raqamlashtirish, ilmiy-tadqiqot hamkorligini kengaytirish, qo‘shma xalqaro dasturlarni amalga oshirish hamda turk makonida gumanitar muloqotni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Yig‘ilishda Turk davlatlari tashkiloti Bosh kotibi, shuningdek, Ozarbayjon Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Turkiya Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirlari hamda rasmiy vakillari ishtirok etadilar.

Turk madaniyati va merosi fondi Kengashining Qirg‘iz Respublikasida o‘tkaziladigan uchinchi yig‘ilishi Fond tomonidan tashkil etilayotgan yillik uchrashuvlar an’anasining davomi hisoblanadi. Avvalgi yig‘ilishlar Ozarbayjon Respublikasida (2024) va Qozog‘iston Respublikasida (2025) bo‘lib o‘tgan edi. Mazkur yig‘ilish Fondning turk dunyosi mamlakatlari o‘rtasida madaniy hamkorlikni mustahkamlash va barqaror o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish borasidagi missiyasini izchil amalga oshirib kelayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Kiritildi: Bugun 10:46. O'qildi: 160 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!