Bugun 2 oktyabr, 2024 yil, chorshanba

КИР

Turk arxeologiyasining oltin davri

Turk arxeologiyasining oltin davri

Onado‘li antik davrlardan beri turli tamaddunlarga mezbonlik qilgan, dunyodagi eng qadimiy aholi punktlari joylashgan va insoniyat tarixida ko‘plab ilklarni boshidan kechirgan hudud bo‘lib, bugungi kunda bu qadimiy madaniyatlarning noyob yashirin xazinalari mavjud. Ushbu madaniy boyliklar Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi rahbarligida 12 oy davomida olib borilgan qazishma ishlari natijasida bosqichma-bosqich yuzaga chiqmoqda. Bu yil mutaxassislar yana tarix olamida misli ko‘rilmagan muhim kashfiyotlar qilishdi. Bunga parallel ravishda xorijga noqonuniy olib ketilgan asarlarni qaytarish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.

Turk arxeologiyasining oltin davri

Turkiya madaniy merosining barqarorligini ta’minlash uchun ko‘plab arxeologik qazishmalar va restavrasiya loyihalarini amalga oshirib, arxeologik tadqiqotlar uchun “ajoyib dunyo qal’asi”ga aylandi. Mamlakat keyingi to‘rt yil ichida so‘nggi 60 yildagi ko‘plab ishlarni amalga oshirishga tayyorlanmoqda. Shu doirada 2024 yil “Turk arxeologiyasining oltin davri” deb e’lon qilindi. Mamlakatda 2021 yilda 670 ta bo‘lgan arxeologik tadqiqotlar soni 2023 yilda 720 ta, 2024 yilda 750 ta, 2026 yilda esa 800 taga yetishi kutilmoqda. Bundan tashqari, Turkiyadagi qazish joylari uchun konservasiya va ziyoratchilarni qabul qilishni tartibga solish ishlari olib borilmoqda. Keling, 2024 yilning birinchi sakkiz oyida Turkiyada topilgan durdona asarlarni ko‘rib chiqaylik.

2024 yilning arxeologik diqqatga sazovor joylari

Bu yilning eng olamshumul topilmalaridan biri Denizlidagi Laodikiya qadimiy shahrida topilgan Scylla haykallari bo‘ldi. G‘ayrioddiy haykallar orasida odamxo‘r yirtqich hayvon Scyllaning boshi va qo‘li, Odisseyning tanasi, Scyllaning beliga o‘ralgan va yovvoyi itlar tomonidan hujumga uchrab o‘ldirilgan do‘stlarining ikkita gavda haykallari va Odissey kemasining tumshug‘i bor edi. Ular o‘zlarining yaxshi saqlangan original bo‘yoqlari va ellinistik davrning barokko uslubi bilan e’tiborni tortadi. Aydindagi YUNESKO Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Afrodisiasda topilgan ulkan Zevs bosh haykali ham kun tartibida edi. Taxminan 2000 yillik haykal juda kam zarar ko‘rgan va qiziqarli tafsilotlar bilan yaxlit holda topildi. Yana bir muhim kashfiyot Qahramanmarashda bo‘lib, arxeologik aholi punktlarida “shaharning hozirgi to‘qimachilik sohasining poydevori” hisoblangan Direkli g‘orida 13 ming yillik suyak tikuv ignasi topildi.

Neolit davrining eng qadimgi manzilgohlaridan biri bo‘lgan Qoraxontepa yovvoyi hayvonning harakatdagi tasviri aks etgan ilk topilma bilan shuhrat qozondi. Arxeologlar Shanliurfada “Tosh tepaliklar loyihasi” doirasida qazilgan hududda tosh lavha ustida yugurib yurgan yovvoyi eshakning o‘yib ishlangan suratini topdi. Sivasning Qadimiy Xet shahridagi Kayalipinar shahrida ham Ossuriya savdo koloniyalariga tegishli ekanligi taxmin qilingan 3900 yillik qo‘l izlari topilgan bo‘lib, bu odamlarning taxminan 4 ming yil avval qoldirgan izlarini ko‘rish uchun bebaho imkoniyatdir. Yana bir ajabtovur topilma Kritdagi Minoan sivilizasiyasiga mansub 3600 yillik bronza xanjar edi. Antaliyaning Kumluja qirg‘og‘ida arxeolog g‘avvoslar tomonidan topilgan xanjar arxeologiya olamini O‘rta yer dengizining tarixiy savdo yo‘llari va madaniy aloqalarini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqda.

Pamfiliyaning eng ajoyib shaharlaridan biri bo‘lgan qadimiy Aspendosda Zevs va Afroditaning 2000 yillik haykallari topildi. Likiyadagi qadimiy Mira shahrining porti Andriakeda olib borilgan qazishmalarda millefiori texnikasi yordamida yasalgan bezakli panellar topildi. Buyumlar Turkiyada shisha hunarmandchiligining ushbu texnikada qo‘llanilgan birinchi asarlaridir. Bundan tashqari, Vanning qadimiy Ayanis shahrida Urartularning bosh xudosi Xoldiga bag‘ishlangan uchta bronza qalqon va bronza dubulg‘a topilgan. Osori-atiqalar Urartu xalqlarining metall hunarmandchiligining boyligi va yuksak saviyasini aks ettiradi. Turkiyaning har bir burchagida olib borilgan qazishmalar ming yillik tarixga oydinlik kiritadigan ko‘plab asarlar topishda davom etmoqda.

Yilning madaniy tiklanishlari

Turkiya, shuningdek, xorijga noqonuniy olib ketilgan ashyolarni qaytarishga bel bog‘lagan. Bu qat’iyat joriy yilda sezilarli darajada ortga qaytarilgan asarlar bilan yanada mustahkamlandi. Turkiya yaqinda Amerika Qo‘shma Shtatlaridan 14 ta arxeologik va etnografik artefaktlarni o‘z vataniga qaytardi va yana ham ko‘proq asarlarni vatanga olib kelish uchun qonuniy va diplomatik ishlarni davom ettirmoqda. Qaytarilgan madaniy yodgorliklar orasida ikkita bronza bosh, Burdurning qadimiy Bubon shahridan ulkan bronza haykal, turli sopol buyumlar, tangalar va turli davrlarga oid zargarlik buyumlari hamda Usmonlilar davriga oid ikkita xanjar bor.

Kiritildi: Bugun 12:15. O'qildi: 314 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!