Putin Tramp va Eron rasmiylari bilan yopiq muzokaralar chog‘ida Tehron uranni boyitish huquqidan voz kechadigan yadro bitimini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Bu haqda Axios nashri muzokaralar tafsilotlari bilan tanish manbalarga tayanib xabar bermoqda.
Uch nafar yevropalik va bir isroillik rasmiyning ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya norasmiy ravishda Eronga “nol darajadagi boyitishga” rozi bo‘lishni tavsiya qilmoqda. Bu pozisiya Isroil hukumatiga ham yetkazilgan.
"Biz Putin eronliklarga aynan shuni aytganini bilamiz", — dedi yuqori martabali isroillik manba.
Evropa manbasining so‘zlariga ko‘ra, Putin so‘nggi haftalarda bir necha bor shaxsan Eronni murosaga chaqirgan, biroq Tehron bunday imkoniyatni ko‘rib chiqishdan ham bosh tortgan.
"Rossiya, agar kelishuv imzolansa, Erondagi barcha yuqori darajada boyitilgan uranni olib chiqishga tayyor ekanini bildirgan. Buning evaziga Eron AES uchun 3,67% darajada boyitilgan yadro yoqilg‘isi hamda Tehrondagi tadqiqot reaktorida foydalanish uchun kichik partiyalarda 20% boyitilgan uran olishi mumkin bo‘ladi", deya yozmoqda Axios.