Hindistonda ikki farzandi bilan birga yashagan rossiyalik ayol g‘orda topildi. 40 yoshli ayolning vizasi 2017 yilda tugagan.
Nina Kutina ikki qizi — 6 yoshli Prema va 4 yoshli Ama bilan Karnataka shtatidagi Ramatirta tepaligidagi g‘orda izolyasiyada yashab kelgan. Oila yashab turgan joy o‘tgan chorshanba kuni aniqlangan, chunki polisiya Ramatirta tepaligida ko‘chki yuz bergandan so‘ng hududni patrul qilayotgan edi. G‘or og‘zida arqonda osilib qurayotgan kiyimlarni ko‘rib qolishgan.
Nina taxminan 8 yil oldin Hindistonga ishbilarmonlik vizasi bilan kelgan va Goa orqali muqaddas sohil shaharchasi Gokarnaga yo‘l olgan, chunki u hinduizm va hind ruhiy an’analariga chuqur qiziqqan.
U qizlari bilan g‘orda ikki hafta yashagan, u yerda Rudra haykalchasini qo‘yib, meditasiya qilgan. Mahalliy aholi unga ashramda yashash imkonini yaratgan. Hozirda mahalliy hokimiyat Rossiya elchixonasi bilan bog‘langan, yaqin kunlarda deportasiya jarayoni boshlanishi kutilmoqda.