Tuman va shahar hokimliklari faoliyatini takomillashtirishga doir prezident farmoni loyihasi ishlab chiqildi, deb xabar berdi O‘zA.
Unga ko‘ra, tuman va shahar hokimlari o‘rinbosarlarining sonini 4 nafar etib belgilash taklif qilinmoqda. Bugungi kunda tuman hokimlarining 6 nafar o‘rinbosari bor.
Farmon loyihasiga ko‘ra, 2026 yil oxiriga qadar 32 ta tuman va shaharda boshqaruvning yangi tartibi joriy etiladi
Unda 9 ta vazirlik va idoraning hududiy bo‘linmalari hokimlik tuzilmasiga o‘tkaziladi. Jumladan:
- Iqtisodiyot va moliya vazirligi;
- Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi;
- Qishloq xo‘jaligi vazirligi;
- Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi;
- Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi;
- Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi;
- Madaniyat vazirligi;
- Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi;
- Yoshlar ishlari agentligi.
Ta’kidlanishicha, hokimlar ushbu tuzilmalarga to‘liq rahbarlik qilib, shtat birliklarini mustaqil belgilaydi, kadrlarni tayinlaydi va ozod etadi, rag‘bat yoki intizom choralarini qo‘llay oladi.