Bugun 22 noyabr, 2024 yil, juma

КИР

Transport vazirligi: “Toshkent-Urganch” yo‘nalishidagi haydovchilarga chora ko‘riladi

Transport vazirligi: “Toshkent-Urganch” yo‘nalishidagi haydovchilarga chora ko‘riladi

“Telegram” messenjerining turli guruhlarida “Toshkent” avtovokzalidan soat 14:50 da harakatlanishni boshlagan “Toshkent-Urganch” yo‘nalishidagi “Uzautotrans Service” MCHJga tegishli davlat raqami 01 305 SGA bo‘lgan avtobusda olingan suratlar paydo bo‘ldi.

Ushbu suratlarda avtobus haydovchisi barcha o‘rindiqlarga chipta sotilgan va yo‘lovchilar bilan to‘la bo‘lishiga qaramasdan, korxona ichki-tartib qoidalarini va tashuvlar bo‘yicha xavfsizlik qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, yo‘l-yo‘lakay avtobus saloniga qo‘shimcha yo‘lovchilarni olgan. Chiptasiz yo‘lovchilar esa avtobusning o‘rindiqlar oralig‘idagi yo‘lakka o‘tirib olgani aks ettirilgan. Bu esa o‘z navbatida boshqa yo‘lovchilarga noqulayliklar keltirib chiqarib, ularning haqli e’tiroziga sabab bo‘lgan. Avtobus salonida bo‘lgan yo‘lovchilardan biri mazkur vaziyat yuzasidan “Toshkent” avtovokzalining ishonch raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, ariza qoldirgan, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Axborot xizmati xabarida.

Transport vazirligi mazkur holat yuzasidan kelib tushgan arizani zudlik bilan “Uzautotras Service” MCHJ rahbariyati bilan muhokama qilib, tashuvlar bo‘yicha xavfsizlik qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan haydovchi va mutasaddi xodimlarga tegishla choralar ko‘rish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

“Transport vazirligi o‘z navbatida bu kabi qoidabuzarliklarni vaqtida bartaraf etishga qo‘shgan hissasi uchun yo‘lovchilarga minatdorchilik bildiradi. Shuningdek, haydovchilar orasida o‘ziga bildirilgan ishonch va mas’uliyatni suiste’mol qilib, yuqoridagi kabi qoidabuzarliklarni sodir etish bilan bog‘liq holatlar hamon uchrab turibdi”, deya ta’kidlaydi xabarda.

Transport vazirligi hurmatli yo‘lovchilardan o‘z safarlari davomida avtobus haydovchilarining bu kabi xatti-harakatlariga guvoh bo‘lgan taqdirda vazirlikning (71) 202 22 55 yoki 1167 qisqa raqamli ishonch telefonlariga murojaat etishlarini so‘rab qoladi.

Shuningdek, “Toshkent” avtovokzalining (71) 207 87 00 hamda “Uzautotrans Service” MCHJning (71) 207 87 02 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib ariza qoldirishingiz mumkin, — deydi axborotda.

 

Kiritildi: 15:35 24.08.2019. O'qildi: 2965 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!