Ma’lumotlarga ko‘ra, migrasiya huquqshunoslari, jumladan, Melaniya Trampning sobiq advokati ham mijozlarni unda ishtirok etmaslikka chaqirmoqda.
AQSh prezidenti ma’muriyati aprel oyi oxirida Donald Tramp tashabbusi bilan 2025 yil dekabrida yo‘lga qo‘yilgan "oltin viza" dasturi bo‘yicha ma’lumotlarni ochiqladi. Tramp ushbu loyihani badavlat shaxslar uchun Qo‘shma Shtatlar fuqaroligini olishning tezkor yo‘li sifatida targ‘ib qilgan edi ("oltin viza" narxi 1 million dollardan boshlanadi).
Aprel oyi yakuniga ko‘ra, "oltin viza" olish uchun jami 338 ta ariza topshirilgan. Ushbu arizachilardan faqat 165 nafari 15 ming dollar miqdoridagi qaytarib berilmaydigan ro‘yxatdan o‘tish bojini to‘lagan va atigi 59 kishi keyingi bosqichga — AQSh Ichki xavfsizlik vazirligida hujjatlarni to‘ldirishga o‘tgan.
The Washington Post nashrining yozishicha, migrasiya huquqshunoslari o‘z mijozlarini ushbu dasturda qatnashishdan qaytarmoqda. Bunga sabab sifatida loyiha Kongress tomonidan ma’qullanmagani va istalgan vaqtda prezident farmoni bilan bekor qilinishi mumkinligi ko‘rsatilyapti.
Bundan tashqari, dastur sud jarayonlari xavfi ostida va u chet ellik investorlar uchun mavjud boshqa migrasiya dasturlariga qaraganda hech qanday soliq imtiyozlarini taqdim etmaydi.
"Oltin viza" dasturi bilan ishlashni istamayotgan huquqshunoslar orasida Maykl Uaylds ham bor. U o‘z vaqtida birinchi xonim Melaniya Tramp va uning ota-onasiga AQSh fuqaroligini olishda yordam bergan edi.