AQSh senatori Mark Kelli prezident Donald Trampni Eron bilan muzokaralarni tajribali diplomatlar qo‘liga topshirishga chaqirdi. U Trampga kuyovi Jared Kushner va maxsus vakil Stiv Uitkoffni muzokaralardan chetlatishni tavsiya qildi.
"Men unga shu paytgacha qilgan ishini takrorlamaslikni, ya’ni muzokaralarni ko‘chmas mulk sohasidagi do‘sti va kuyoviga topshirmaslikni maslahat bergan bo‘lardim", — dedi Kelli.
Senatorning fikricha, Tramp muzokaralarga Eron bilan ishlash tajribasiga ega mutaxassislarni jalb etishishi, shuningdek, ittifoqchilarni yana birlashtirib, xalqaro koalisiyani tiklashi kerak. Kelli Tramp ma’muriyatining Eronga nisbatan siyosatini bir necha oydan beri tanqid qilib kelmoqda. Xususan, u Eronning yadroviy dasturini yo‘q qilish uchun harbiy kuch ishlatish zarurligini shubha ostiga qo‘ygan.
"Hozir, yadro dasturi masalasi butunlay ikkinchi darajaga tushib qolgan bir paytda, Tramp ma’muriyati avvalgi holatga qaytish yo‘lini izlashga e’tibor qaratmoqda", — dedi demokrat siyosatchi.
Tramp ma’muriyati bir necha oydan beri Eronni Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochishga, xalqaro kemalar uchun xavfsiz va erkin harakatlanishni ta’minlashga ko‘ndirishga urinmoqda. Ammo bu boradagi urinishlar hozircha natija bermagan.