AQSh prezidenti Donald Tramp va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bugun NATO sammiti doirasida uchrashishi kutilmoqda. AFP agentligi ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuv ertalabga rejalashtirilgan bo‘lib, unda mudofaa masalalari va xavfsizlik tahdidlari muhokama qilinadi.
Uchrashuv Tramp va Zelenskiyning so‘nggi bir necha oydagi ilk yuzma-yuz muzokarasi bo‘ladi. Ikki yetakchi oxirgi marta aprelda Papa Fransiskning dafn marosimida qisqacha ko‘rishgandi. Ular orasidagi so‘nggi rasmiy muzokaralar fevralda Vashingtonda o‘tgan va janjal bilan tugagan — Tramp Zelenskiyni «uchinchi jahon urushini boshlashda» ayblagan edi.
Uchrashuv oldidan Tramp bayonot berib, Zelenskiyni og‘ir vaziyatda deb atadi va urushni tanqid qildi:
«U og‘ir ahvolda. U bunday vaziyatga tushmasligi kerak edi. Bu urush, agar men prezident bo‘lganimda, bo‘lmasdi», — dedi u Air Force One bortidagi suhbatda.
Tramp, shuningdek, o‘tgan hafta davomida 6500 askar halok bo‘lganini ma’lum qildi, biroq manbani ochiqlamadi.
Ukraina prezidentining ofisi rahbari Andrey Yermak ta’kidlashicha, Zelenskiy muzokaralarda AQShdan qo‘shimcha PVO tizimlari, Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar va neft narxi chegarasini $60 dan $45 ga tushirishni taklif qilmoqchi.
Shu bilan birga, Tramp hozirgacha Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritishni rad etib kelmoqda, garchi Kremlga nisbatan tanqidiy bayonotlar bergan. Yaqinda u Rossiya prezidenti Putinning Yeron bo‘yicha «yordam taklifi»ni qoralab, shunday degan:
«Menga Yeron bilan yordam kerak emas. Menga sen bilan yordam kerak».