AQSh Prezidenti Donald Tramp va uning oilasi kriptovalyuta va lisenziya bitimlari orqali so‘nggi yillarda 620 mln dollarlik daromad qo‘lga kiritdi. Yangi loyihalar oila uchun an’anaviy ko‘chmas mulkdan ko‘ra katta foyda olib kelmoqda.
Bloomberg nashrining xabar berishicha, Donald Tramp 2025 yilda AQSh prezidenti lavozimiga qaytganidan keyin uning umumiy boyligi 6,5 mlrd dollardan 6,4 mlrd dollarga kamaygan. Biroq Tramp va uning oilasi kriptovalyuta loyihalari orqali 620 mln dollarlik qo‘shimcha daromad olgan.
Oila faoliyatida kriptovalyuta va lisenziya bitimlari tobora muhim o‘rin egallamoqda. Ular sport krossovkalari, atirlar, smartfonlar va mem-tokenlar orqali yangi daromad manbalari yaratishga erishgan. Bu faoliyat an’anaviy ko‘chmas mulkdan ko‘ra tez va yuqori foyda keltirmoqda.
Tramp oilasi asosiy foydani World Liberty Financial kompaniyasi orqali olmoqda. Kompaniya 550 mln dollarlik kriptoaktiv sotgan, shundan 390 mln dollari Tramp oilasi ulushiga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, oila 22,5 mlrd dona kompaniya tokenlariga egalik qiladi, lekin ular hozircha sotilmasligi sababli rasmiy aktiv sifatida hisoblanmaydi.
2025 yilda Tramp jamoasi TRUMP va MELANIA nomli mem-tokenlarini ishga tushirdi. Bu tokenlar qisqa vaqt ichida yirik kriptovalyuta bozoriga kirdi. Bloomberg xisoblariga ko‘ra, TRUMP tokenlarining umumiy qiymati 150 mln dollar atrofida baholanmoqda.
World Liberty Financial kompaniyasi tomonidan chiqarilgan USD1 nomli steyblkoinga Abu-Dabi investorlari orqali 2 mlrd dollarlik sarmoya jalb qilingan. Shuningdek, BAA va Qatardan kelgan investisiyalar Tramp oilasining yangi loyihalariga katta moliyaviy yordam ko‘rsatmoqda.
Tramp oilasi World Liberty Financial va kripto loyihalardan tashqari, Saudiya Arabistoni va Dubayda qiymati milliard dollarlik ko‘chmas mulk loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirgan.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, agar hozirgi sur’at saqlansa, Tramp va uning oilasi kripto loyihalar orqali kelgusi yillarda 1 mlrd dollardan ortiq daromad olishi mumkin.