AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainaning Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimining harbiy versiyasi — Starshield’dan foydalanish imkoniyati tiklanganini ma’lum qildi.
Tramp bu haqda Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda aytib o‘tdi.
Shu bilan birga, u ushbu masala bo‘yicha biror kishiga qo‘ng‘iroq qilgan-qilmaganiga aniqlik kiritishdan bosh tortgan. Avvalroq The Wall Street Journal (WSJ) nashri AQSh prezidenti SpaceX rahbari Ilon Maskka qo‘ng‘iroq qilib, cheklovlarni olib tashlashni topshirgani haqida xabar bergan edi.
«Qo‘ng‘iroqni men qildimmi yoki boshqa biror kishi qildimi — buning ahamiyati yo‘q. Oxir-oqibat, foydalanish imkoniyati tiklandi», — dedi Tramp.
WSJ, shuningdek, Maskning o‘zi Starshield tizimi ishiga cheklov qo‘yishni shaxsan buyurgani haqida yozgan edi. Biroq Mask o‘zining bu qarorga aloqadorligini rad etgan va tizim tezligi hamda undan foydalanish bo‘yicha qarorlarni AQSh hukumati qabul qilishini ta’kidlagan.