Fitch agentligi AQSh prezidenti Donald Tramp joriy etgan boj to‘lovlaridan keyin Xitoyning kredit reytingini A darajasiga tushirdi. Shuningdek, agentlik Xitoyning bu yilgi yalpi ichki mahsuloti (YAIM) o‘sish kutilmasini 5% dan 4,4% ga pasaytirdi.
Bundan tashqari, jahon bozorida neft narxlari keskin pasayishni boshladi. Brent navidagi neftning bir baarreli bahosi 7% ga arzonlashib, 19 martdan beri ilk bor 70 dollardan pastga tushdi.
Tramp yangi bojlar haqida e’lon qilganidan so‘ng Qo‘shma Shtatlardagi yirik texnologiya kompaniyalari aksiyalarning qiymati ham pasaymoqda. Bu holat AQSh fond bozori uchun 2 trillion dollar yo‘qotishga sabab bo‘ldi.
Deutsche Bank dollarga ishonchning so‘nishidan xavotirda.
Deutsche Bank mutaxassislari AQSh dollariga bo‘lgan ishonch inqirozi yuzaga kelishi mumkinligidan xavotir bildirishdi. Ularning fikricha, endi valyutalar kursini belgilaydigan asosiy omillar o‘z ahamiyatini yo‘qotadi va narxlar keskin va noaniq ravishda o‘zgaradi. Shuni ta’kidlash kerakki, dollar allaqachon ko‘plab asosiy xalqaro valyutalarga nisbatan arzonlashib ulgurdi.
AQSh savdo vaziri Hovard Lyutnik Vashington o‘zining savdo bojlariga javob qaytargan har qanday mamlakatga nisbatan yanada yuqori tariflar joriy etilishini ma’lum qildi. Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy va Yevropa Ittifoqi Qo‘shma Shtatlarning savdo bojlariga qarshi javob choralari ko‘rilishini e’lon qilgan edi.