Tojik muxolifati Emomali Rahmon ustidan XJSga shikoyat qildi.
Tojikistonlik muxolif siyosatchilar Gaagadagi Xalqaro jinoiy sudga Tojikiston prezidenti va mamlakat hukumati ustidan shikoyat berdi. Ularga chet ellik huquq himoyachilari ham qo‘shildi: ular respublika rahbariyatini "insoniyatga qarshi jinoyatlar"da ayblashmoqda.
Bu haqda Tojikistonda taqiqlangan Islomiy uyg‘onish partiyasi rahbari Muhiddin Kabiriy o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida xabar qildi.
"Endi ish Xalqaro jinoiy sud prokurorlarining qo‘lida, - deb yozdi siyosatchi. - Umid qilamanki, u (Rahmon) tez orada barcha qilmishlari uchun javob beradi."
Shikoyat berilganini LinkedIn ijtimoiy tarmog‘ida huquqshunos Nikolya Linyol ham tasdiqladi. U yozishicha, uch tashkilot: Ukraina xalqaro ko‘ngillilar jamg‘armasi (FUVI), Freedom For Eurasia va Tojikiston Islomiy uyg‘onish partiyasi Xalqaro jinoiy sudga murojaat qilgan. Xabarda ta’kidlanishicha, 60 dan ortiq holat hujjatlashtirilgan: ular orasida "qiynoqlar, zo‘rlash, suddan tashqari qatl etish va mamlakatni tark etishga majburlash" hollari mavjud.
Huquq himoyachilari tergov boshlanishini va aybdorlarni qamoqqa olish uchun order berilishini talab qilmoqda.
"Endi jim turish chora emas," - deya ta’kidladi huquqshunos.
Tojikiston Islomiy uyg‘onish partiyasi rahbari Muhiddin Kabiriy «Nastoyashee Vremya» telekanaliga shikoyat qanday tayyorlanganini batafsil so‘zlab berdi.
"Umidimiz shuki, Xalqaro jinoyat sudi shikoyatimizni ko‘rib chiqib, jinoyat ishi ochish va aybdorlarni, jumladan Tojikiston yuqori rahbariyatini ham qamoqqa olish jarayonini boshlaydi," - deya u ta’kidladi.
"Dastlab, xalqaro huquqshunoslarimiz bilan to‘rt yil oldin shunday taktikani tanlaganmiz - kamroq shov-shuv, kamroq ommaviylik, lekin asosiy ishga ko‘proq e’tibor qaratish imkoniyati," - deya u so‘zini davom ettirdi. "Hozirgi paytda bizning shikoyatimiz deyarli 250 betni tashkil etadi. Yana bir necha ming sahifa - bu dalillar, video va audio materiallar, guvohlarning shaxsiy ko‘rsatmalari va boshqalardan iborat."
Tojikiston hukumati Xalqaro Jinoyat Sudiga berilgan shikoyatga hozircha hech qanday munosabat bildirmadi.