The Wall Street Journal gazetasi manbalariga ko‘ra, AQSh prezidenti ma’muriyati so‘nggi haftalarda yevropalik amaldorlar bilan Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasiga qo‘shimcha hujjatlarni muhokama qilmoqda. Ularda Yevroittifoq hududida muzlatilgan Rossiya aktivlarini yechish va ularni Ukrainada turli loyihalarni amalga oshirish uchun AQSh kompaniyalariga topshirish taklif qilingan.
Manbalarning aytishicha, loyihalardan biri Ukrainada yirik ma’lumotlar markazini qurish hisoblanadi. U Zaporijya AESidan energiya bilan ta’minlanadi, bu stansiya hozirda rossiyaliklar nazoratida. Bundan tashqari, AQSh Donbassni “erkin iqtisodiy hudud”ga aylantirishni rejalashtirmoqda.
Trampning tinchlik rejasiga qo‘shimcha qilingan hujjatlarda “Rossiya iqtisodiyotini inqirozdan chiqarish bo‘yicha Amerikaning umumiy qarashi” ham bayon etilgan. Unga ko‘ra, AQSh kompaniyalari Rossiya iqtisodiyotining strategik sohalariga, xususan nodir metallar konlarini o‘zlashtirish, Arktikada neft qazib olish quduqlarini burg‘ilashga investisiya kiritishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, AQSh Rossiyaga Yevropa va jahon energiya bozorlariga qayta kirishiga yordam berishga tayyorligini bildirgan.