Tramp agar yakuniy qarorlarni qabul qilish huquqini o‘zida saqlab qolsa, Rossiyaga qarshi sanksyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasini imzolashga tayyor — Reuters.
Agentlik bu haqda Oq uydagi manbasiga tayanib xabar bermoqda.
"Oq uy va prezident uchun sanksiyalar paketiga Trampning ular bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish vakolatini kafolatlovchi qoida kiritilishi har doim muhim bo‘lib kelgan. Shuning uchun, agar bunday qoida kiritilsa, menimcha, prezident sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasini imzolashni ko‘rib chiqadi", — dedi Oq uy vakili.
Reuters manbasi, shuningdek, Tramp ma’muriyati Ukrainadagi urushni tugatish uchun Rossiya bilan muzokaralarni davom ettirayotganini qo‘shimcha qildi.
Respublikachi senator Lindsi Grem va demokrat senator Richard Blyumental tomonidan ishlab chiqilgan Rossiyaga qarshi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasi 2025 yil bahorida taqdim etilgan. Unda Rossiya nefti va gazini sotib oluvchi mamlakatlardan importga 500 foizlik bojlar qo‘llanilishi ko‘zda tutilgan.