Reuters agentligining manbalariga ko‘ra, ushbu guruh joriy yilning bahorida ish boshlagan. Uning tarkibiga AQSh Davlat departamenti, Moliya vazirligi, Mudofaa vazirligi va razvedka idoralari vakillari kirgan. Guruh faoliyati AQSh Milliy xavfsizlik kengashi xodimlari tomonidan muvofiqlashtirilgan.
"Yozga kelib Tramp ma’muriyati Rossiya bilan qarama-qarshilikni kuchaytirishga qiziqmasligi ayon bo‘lgan. Guruh faoliyatiga yakun yasagan asosiy omil Milliy xavfsizlik kengashi tarkibidagi Ukrainaga doir masalalar bilan shug‘ullangan butun jamoaning ishdan bo‘shatilishi bo‘lgan. Bu keng ko‘lamli kadrlarni tozalash doirasida amalga oshirilgan", deya yozmoqda Reuters.
Guruh a’zolari Rossiyaga mahsulotlar oqimini cheklash va undan energiya tashuvchilar eksportini susaytirish maqsadida sobiq Sovet Ittifoqi respublikalari, Sharqiy Yevropa va Osiyodagi boshqa davlatlarga bosim o‘tkazish variantlarini muhokama qilgan. Takliflar iqtisodiy bitimlardan tortib, maxfiy operasiyalargacha bo‘lgan choralarni o‘z ichiga olgan.
Tahlilchilarning fikricha, guruh faoliyatining tugatilishi AQShning Yevropadagi ittifoqchilari orasida Vashingtonning Ukrainani qo‘llab-quvvatlash masalasidagi qat’iyati borasida xavotirlarni kuchaytirishi mumkin.