AQSh prezidenti Donald Tramp Kiyev va Moskva Rossiya-Ukraina urushini tugatish bo‘yicha kelishuvga erishishga juda yaqin ekanini aytdi.
Tramp bu haqda 27 noyabr kuni Shukronalik kuni arafasida Oq uyda o‘tkazilgan marosimdagi chiqishi chog‘ida aytib o‘tgan.
"Bu oson emas. Lekin bilmayman, men u yerga yetamiz deb o‘ylayman. O‘ylaymanki, kelishuvga juda yaqinmiz. Biz buni bilib olamiz. U yerga tezroq yetib olamiz deb o‘ylagandim", - deya qo‘shimcha qildi Tramp.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroni hal qilish bo‘yicha Vashington taklif qilgan dastlabki tinchlik rejasi 28 banddan iborat edi. Biroq Ukraina tomoni bilan keyingi muzokaralar chog‘ida tinchlik rejasi sezilarli darajada o‘zgartirildi va Kiyev manfaatlarini hisobga olgan holda 19 bandga qisqartirildi.
Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov 25 noyabr kuni Kiyev va Vashington Jenevada muhokama qilingan kelishuvning asosiy shartlari bo‘yicha umumiy kelishuvga erishganini ma’lum qildi.