AQSh prezidenti Donald Trampning ma’lum qilishicha, Qozog‘iston rasman “Ibrohim kelishuvlari”ga qo‘shilishga rozi bo‘lgan va yaqin kunlarda rasmiy imzolash marosimi bo‘lib o‘tadi.
Bu haqda u 2023 yildan keyin davlat rahbarlari darajasidagi ikkinchi AQSH–Markaziy Osiyo sammiti doirasidagi tantanali kechki ovqatda bayonot berdi.
Uchrashuvda Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov hamda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
“Qozog‘istonning ‘Ibrohim kelishuvlari’ga qo‘shilishga rasman rozi bo‘lganini e’lon qilish men uchun katta sharaf. Bu haqiqiy tarixiy qadam. Takriban 15 daqiqa oldin kuchli yetakchiga ega buyuk davlat rasman kelishuvga qo‘shildi,” — dedi Tramp.
AQSh rahbarining ta’kidlashicha, bu kelishuv Yaqin Sharq va mintaqadagi barqarorlikni mustahkamlash yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.
Tramp, shuningdek, ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan telefon orqali muloqot qilganini ma’lum qildi va Qozog‘istonning kelishuvga qo‘shilishi bo‘yicha imzolash marosimi “juda yaqin vaqtda” o‘tkazilishini bildirdi.