Oq uyning Oval kabinetidagi AQSh prezidenti stolidagi qizil tugma parhez kola chaqirish uchun xizmat qiladi.
Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp Fox telekanali jurnalisti Lora Ingremga aytib berdi.
Tramp jurnalist ayol bilan suhbatlashayotib, o‘z stoliga yaqinlashdi va qizil tugmani bosdi.
"Agar men uni bossam, dunyo halokati yuz beradi, deyishadi," deb aytdi Tramp jurnalistning unga "kola tugmasi"ni ko‘rsatish iltimosiga javoban. U Oq uyga tashrif buyuruvchilar bu tugmani yadroviy qurolni ishga tushirish uchun kerak deb o‘ylashlaridan afsuslanib gapirdi.
Donald Tramp 20 yanvar kuni AQSh prezidenti lavozimiga ikkinchi marta qasamyod qilgach, Oval kabinetda o‘zgarishlar kiritdi. The Wall Street Journal (WSJ) gazetasining xabar berishicha, siyosatchi, jumladan, parhez kola buyurtma qilish tugmasini o‘z stoliga qaytarib qo‘ygan. 2021 yilda Jo Bayden Tramp o‘zining birinchi prezidentlik muddati davomida o‘rnatgan tugmani Oval kabinetdan olib tashlagan edi.