Rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan Alyaskadagi sammit chog‘ida AQSh prezidenti Donald Tramp unga rafiqasi Melaniyaning maktubini topshirdi. Bu haqda Oq uyning ikki rasmiysiga tayanib, Reuters agentligi xabar berdi.
"Prezident Tramp maktubni shaxsan Putinga Alyaskadagi muzokaralari chog‘ida topshirdi", — deyiladi xabarda.
Agentlik manbalariga ko‘ra, maktubda go‘yoki Ukrainadagi mojaro natijasida bolalar o‘g‘irlab ketilgani haqida so‘z boradi.
15 avgust kuni Putin va Tramp Alyaskada tor doiradagi muzokaralar o‘tkazdi. Ular tashqi siyosat idoralari rahbarlari va ularning yordamchilari ishtirokida qariyb uch soat so‘zlashdi. Muzokaralarning asosiy mavzularidan biri Ukraina inqirozini hal qilish edi.
Amerika rahbarining so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar davomida Ukraina bo‘yicha tinch yo‘l bilan kelishuvga erishilmagan, biroq kelajakda kelishuvga erishish uchun katta imkoniyatlar mavjud.
Putin, o‘z navbatida, Ukrainadagi mojaroga imkon qadar tezroq barham berish niyatida ekanligini ma’lum qildi.
Umuman olganda, Putinning Ankorij shahriga tashrifi taxminan besh soat davom etdi. Tramp bilan suhbatdan so‘ng Rossiya prezidenti Fort-Richardson milliy harbiy qabristonidagi “Ikkinchi jahon urushidagi ittifoqchilar” bo‘limiga tashrif buyurdi va Alyaskadagi pravoslav cherkoviga Amerika homiysi avliyo Alyaskalik Herman ikonasini sovg‘a qildi.