AQShning Chikago shahrida o‘tkaziladigan UFC 319 turnirining asosiy jangi ishtirokchilari qancha gonorar olishi ochiqlandi.
Bizning vaqt bilan taxminan ertalabki soat 9 larda mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan Xamzat Chimayev o‘rta vazn chempioni Drikus dyu Plessiga qarshi oktagonga chiqadi.
Sportskeeda nashri bergan xabarga ko‘ra, Xamzatning ushbu jang uchun oladigan kafolatlangan gonorari 1,8 mln AQSh dollarini tashkil qiladi. Bu Xamzatning faoliyatidagi eng katta gonorar hisoblanadi. Dyu Plessi esa jangdan roppa-rosa 3 mln dollar ishlab oladi.
Ma’lumot uchun, BAA sharafini himoya qilayotgan 30 yoshli Xamzat Chimayev 2020 yilda UFC promoushenida debyut qilgan. Uning hisobida dunyoning eng kuchli Ligasida o‘tkazilgan 8 ta jang bor. U barcha janglarda g‘alaba qozongan. 31 yoshli Drikus dyu Plessi ham aynan 2020 yilda UFC`da debyut jangini o‘tkazgan. U UFC oktagonida 9 ta jang o‘tkazib, barchasida zafar quchgan.