AQSh prezidenti Donald Tramp Rim papasi Fransiskning dafn marosimida kiyinish qoidalariga amal qilmaganlikda ayblanmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Tramp Vatikandagi Avliyo Pyotr maydonida bo‘lib o‘tgan pontifikning vidolashuv va dafn marosimida qora emas, ko‘k kostyum kiygan holatda ko‘rinish bergan. Uning rafiqasi Melaniya esa qora ko‘ylak va qora ro‘mol kiygan holda tadbirda ishtirok etgan.
Shuningdek, Tramp va Melaniya dafn marosimining tugashini kutmasdan, vidolashuv marosimidan so‘ng darhol tadbirni tark etgani ma’lum qilingan.
The Independent nashrining yozishicha, Vatikan marosimlarida erkaklar uchun belgilangan kiyinish tartibi - qora bo‘yinbog‘ taqqan to‘q rangli kostyum hamda bo‘yinbog‘ga qora tugmacha taqishni talab qiladi. Ayollar esa uzun qora ko‘ylak, qo‘lqop kiyishi tavsiya etiladi.