"2024 yilda global harbiy xarajatlar 2,7 trillion dollarga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 9,4 foizga oshdi. Bu "sovuq urush” davri tugaganidan beri kuzatilgan eng keskin o‘sishdir. Mudofaa xarajatlarining oshishi tendensiyasi ketma-ket o‘n yildan beri davom etmoqda", deyiladi Stokgolm tinchlik muammolarini o‘rganish instituti (SIRPI) hisobotida.
Eng katta o‘sish Yevropa va Yaqin Sharqda qayd etilgan, bu Ukraina urushi va G‘azo sektoridagi mojaroning bevosita oqibatidir. Xususan, Germaniyaning harbiy xarajatlari sezilarli darajada oshib, o‘tgan yili 88,5 milliard dollarga yetdi, bu esa oldingi yilga nisbatan 28% ko‘pdir. Hozirda Germaniya harbiy byudjeti hajmi bo‘yicha dunyoda AQSH, Xitoy va Rossiyadan keyin to‘rtinchi o‘rinda turadi.
Ukraina va Rossiya ham rekord darajada mudofaa xarajatlarini amalga oshirdi. Ukraina o‘tgan yili o‘z YAIMining 34 foizini mudofaa uchun ajratdi. Rossiya esa o‘tgan yili harbiy xarajatlarini YAIMining 7,1% darajasigacha oshirdi, bu 149 milliard dollarni tashkil etdi va mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 38% ko‘proqdir.